Андижон шахар,,
Чинобод кўча №21

0 (374) 226 19 44
anddon@mail.ru

Бош сахифа

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-5853-son Farmoni ijrosini ta’minlash, xususan davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyotini bekor qilish, xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish va manfaatdorlikni ta’minlashga qaratilgan qulay agrobiznes muhitini yaratish maqsadida:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zdonmahsulot» AK va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlari bilan «O‘zdonmahsulot» AK tizimidagi korxonalar o‘rtasida 2020 yil hosilidan davlat xaridlari doirasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari miqdorini har bir g‘alla yetishtiruvchi uchun 25 foizga kamaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tomonidan davlat xaridlari doirasida 2 265 ming tonna bug‘doy (urug‘lik don uchun amaldagi ustama to‘lash tartibini saqlab qolgan holda) ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yil 10 mayga qadar jahon bozori va mintaqaviy birja narxlari hamda respublikada kutilayotgan hosilni inobatga olib, don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 2020 yilda xarid qilinadigan g‘alla narxlarini belgilasin.

  1. Belgilab qo‘yilsinki:
  2. a) 2020 yil hosilidan boshlab:

davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi;

ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan xarid qilinadigan bug‘doy mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxonalarning donni saqlash talablariga mos keladigan omborlar (sig‘imlar)ida shartnoma asosida saqlanadi;

  1. b) 2021 yil hosilidan boshlab:

davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechiladi;

davlat xaridi to‘liq bekor qilinadi hamda fermerlar va boshqa korxonalar tomonidan yetishtiriladigan g‘alla barcha iste’molchilarga, shu jumladan, donni qayta ishlovchi korxonalar, g‘allachilik klasterlari va treyderlarga birja savdolari orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar (fyuchers, forvard va boshqalar) asosida erkin narxlarda sotiladi;

ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi don Jamg‘arma tomonidan fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilinadi;

don yetishtiruvchi xo‘jaliklarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash maqsadida sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi hamda 2021-2023 yillarda urug‘lik yetkazib berish bosqichma-bosqich Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug‘chilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda jahon bozori, mintaqaviy birjalar narxlarini tahlil qilgan holda, har yili 1 avgustga qadar kelgusi yil g‘alla hosili uchun kutilayotgan minimal narxlarni e’lon qilsin hamda bozorlardagi narxlardan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritib, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilishini ta’minlasin.
  2. Respublika ichki bozorida don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish Jamg‘arma zimmasiga yuklatiladi.

Ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun Jamg‘arma tomonidan xarid qilinadigan don O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda, Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadigan oylik grafik asosida Jamg‘arma tomonidan birja savdolarida sotuvga qo‘yiladi.

  1. Don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash uchun zarur miqdordagi bug‘doyni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar (sotib olish, tashish, saqlash), xarid qilish va sotish narxlari o‘rtasida yuzaga kelgan tafovut (ijobiy, salbiy) Jamg‘arma moliyaviy faoliyati yakunlariga olib boriladi hamda zarur holatlarda yuzaga kelgan salbiy tafovut Jamg‘armaga respublika budjetidan qoplab beriladi.
  2. 2020 yil 1 iyundan boshlab:
  3. a) fermer xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklarining g‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 12 oy muddatgacha g‘alla yalpi hosili umumiy qiymatining 40 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz, 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 12 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Bunda:

fermer xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish xususiyatlaridan kelib chiqib, kredit mablag‘laridan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi;

g‘allachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklarining g‘alla yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarini bo‘naklash pul mablag‘lari shaklida amalga oshiriladi;

g‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kredit mablag‘larining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi;

  1. b) mulkchilik shaklidan qat’i nazar, faqat donni qayta ishlovchi korxonalar hamda donni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan g‘allachilik klasterlari tomonidan respublikada yetishtirilgan g‘allani xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha 50 milliard so‘mgacha miqdorda tijorat kreditlari ajratiladi.

Bunda:

milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga;

xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya beriladi;

g‘allani xarid qilish uchun ajratilgan kredit mablag‘larining muddatida qaytarilmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya berilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘zgargan hollarda Jamg‘armadan ajratilayotgan kreditlar foiz stavkalariga, bank marjasiga hamda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan beriladigan kompensatsiya miqdoriga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, «O‘zdonmahsulot» AK va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda don saqlash sig‘imlariga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etgan holda, 2020 yil hosilidan boshlab yetishtiriladigan boshoqli donni qabul qilish va saqlash bo‘yicha xizmat tariflarini tasdiqlasin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, «O‘zdonmahsulot» AK, Jamg‘arma, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 2020 yilda, 1 aprelga qadar kelgusi yillarda ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun sotib olinadigan g‘allaning hududlar kesimidagi taqsimotini va ushbu g‘allani saqlashga talabgor korxonalarning hududlar kesimidagi ro‘yxatini shakllantirsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi don saqlanayotgan korxonalarda uning sifati va miqdori bo‘yicha to‘g‘ri saqlanishi yuzasidan oylik nazorat o‘rnatilishini ta’minlasin.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari bilan birgalikda g‘allachilik klasterlari va donni qayta ishlovchi korxonalarga respublikada yetishtirilgan donni xarid qilish uchun mazkur qarorda belgilangan kredit ajratish mexanizmi bo‘yicha o‘quv-seminarlarini tashkil etsin va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
  5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 mayga qadar:

don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinadigan g‘alla hajmini hududlar kesimida aniqlash va hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda g‘allani saqlash tartiblarini tasdiqlasin;

«O‘zdonmahsulot» AK tizimiga kiruvchi don korxonalarini 2020-2021 yillarda belgilangan tartibda bosqichma-bosqich xususiy sektorga sotish chora-tadbirlarini belgilasin.

  1. Quyidagilar:

G‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich bekor qilinishi hamda sohaga bozor tamoyillari keng joriy etilishini tashkil etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishni muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Respublika kengashiga (A.Aripov) quyidagi vazifalar yuklatilsin:

g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich bekor qilinishi hamda sohaga bozor tamoyillari keng joriy etilishini tashkil etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash;

2021 yil hosilidan boshlab don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinadigan bug‘doy hajmini belgilash;

hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, g‘alla ekin maydonlarini navlar bo‘yicha joylashtirish;

don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilingan g‘allani saqlovchi korxonalar ro‘yxatini shakllantirish;

oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan barcha masalalarni hal etib borish.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘. Barnoyev:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining takliflariga asosan «O‘zstandart» agentligi bilan birgalikda kalendar yilning 1 mayiga qadar talabgor korxonalarning don saqlash sig‘imlari xatlovdan o‘tkazilishini va ularning amaldagi talablarga mosligi to‘g‘risida xulosa berilishini, ijobiy xulosa berilgan korxonalarning laboratoriyalari va tarozilarini xatlovdan o‘tkazilishini, tegishli ruxsatnomalar berilishini, don saqlashga ruxsat etilgan korxonalar ro‘yxati tasdiqlanishini hamda ularning don saqlash quvvatlarini ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borishni ta’minlasin;

qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjaev, suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamraev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda belgilangan tartibda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va tuproq unumdorligini oshirish, g‘alla yetishtirishga zamonaviy hamda energiya va resurstejamkor texnologiyalarning joriy etilishini, fermer xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlash hamda kompleks agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishida amaliy yordam ko‘rsatsin.

  1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                                    Sh.Mirziyoyev

 

Категория: